Bor ekan-u, yo’q ekan, och ekan-u, to’q ekan, bo’ri bakovul ekan,tulki yasovul ekan, qarg’a qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan…
O’tgan zamonda bir boy bor ekan.Uning bir eshagi va bir ho’kizi bor ekan.U odamning yeri ko’p ekan,bu yerlarni qarol – qo’shchilarga ektirib, kun o’tkazar ekan.Xo’jayinning o’g’illari ko’pincha eshakni minib yurar ekanlar.
Xo’jayin eshakka yarasha egar-to’qim qildirib bergan ekan.To’qimi gajimli, juda ham kelishgan ekan.Shunday qilib, bu eshakni xo’jayin ham, xo’jayinning bolalari ham yaxshi ko’rib, suv o’rniga sharbat, o’t o’rniga qora mayiz bilan beda berib boqar ekan. Xayr, eshak suv o’rniga sharbat, o’t o’rniga qora mayiz bilan bedani yeb, maza qila bersin. Endi gapni ho’kizdan eshiting.
Xo’jayin ho’kizni ertadan kechgacha qo’shga qo’shar ekan.Ho’kiz kechqurun qorni ochib,charchab qaytib kelsa,uning oldiga bir bog’ quruq poyani tashlab qo’yar ekan.Ho’kiz bechora har kuni bir bog’ quruq poyaga yo’liqib,qorni ochib,qoni qochib,rangi to’zib ko’p abgor bo’libdi.Bir kun ishdan kelib,poyani yegisi kelmay yig’lab yotib atrofga qarasa,boyagi eshak suv o’rniga sharbat,o’t o’rniga qora mayiz bilan bedaning gulini yeb,maza qilib yotibdi.Shunda ho’kiz uning ovqatidan yegisi kelib, eshakdan:
— Hoy o’rtoq,men ko’p och qoldim,rahming kelmaydimi?Kel,menga ham ovqatingdan ber!— debdi.Shunda eshakning rahmi kelib, ovqatidan beribdi. Eshakning oldida har doim ovqat ortib yotar ekan.Xo’jayin erta bilan chiqib ko’rsaki, eshakning oldida ovqati qolmabdi.»E, eshagimning ishtahasi endi ochilibdi»,deb ko’p ko’p ovqat soladigan bo’libdi.Bir kuni xo’jayin chiqib qarasa, eshakning ovqatini hadeb ho’kiz kelib yeyayotgan emish. Xo’jayin:
— Iye, hali sening qorning to’yib, dimog’ing ko’tarilib qolibdiku!— deb,ertasi kuni ho’kizni eshakning o’rniga qo’yib, eshakni oborib, ho’kizning o’rniga qo’shga qo’shibdi.Eshak sho’rlik umrida qo’shga qo’shilmagan ekan. U omochni tortishga ko’p qiynalibdi.Oxiri taqdirga tan berib,qo’shda yurishga ham ko’nikib qolibdi.Kechgacha qo’shda yurib charchab,qorni ochib uyga borsa,avvalgi ovqatlar yo’q,sharbat o’rniga bir paqir suv,mayiz bilan bedaning o’rniga bir bog’ poya.Eshak bechora nochor yeyishga tushibdi.
Xayr,shunday qilib, xo’jayin eshakni kuzgacha toza ham qo’shga qo’shibdi. Kuz kelganda unda uzoq-uzoq yerlarga yuk ortib boradigan bo’libdi.
Bir kuni xo’jayin eshakni minib bozorga boribdi. Bozordan bir qop tuz sotib olibdi. Tuzni eshakka ortib, ustiga o’zi minib, yo’lda ketayotsa, birdan havo aynib, yomg’ir yog’a boshlabdi. Hash-pash deguncha darrov yo’llar loy bo’lib ketibdi. Eshak bechora ustida tuz, uning ustiga xo’jayin mingan, boz ustiga yuklar yomg’irda ivib vazminlashgan, yomg’irdan junlari ivib, terisiga nam o’tib qovjiragan bir ahvolda, yo’lda arang yurib kelar ekan.Noinsof xo’jayini loaqal eshakning oyog’idagi taqasini ham yangilatib qo’ymagan ekan.Taqasi siyqalanib qolgani uchun eshak loyda toyilib, turtinib borar ekan. Ustidagi og’ir yuki bosib, darmoni quribdi, buning ustiga xo’jayin:
— Tez-tez yurmaysanmi?— deb, qo’lidagi hala cho`pi bilan bo’yniga niqtabdi, «xix-xix!» deb ikki oyog’i bilan qorniga tepibdi. Eshak shu azob bilan borayotib yo’lda bir buzuq ko’prikka kelib qolibdi. Bechora eshak toyilib-turtilib ko’prikning ustiga chiqqanda oyog’i toyib,ko`prikning teshigiga kirib qolibdi,ustidan xo’jayin chalqanchasiga ag’anab ketibdi.Shunda xo’jayinning qahri kelib,chiyonday zahri kelib, ko’prikning tagidan bir so’yilni tortib olib,o’lganning ustiga ko`mgan deganday, „Meni ag’anatadigan senmisan?!» — deb bechora eshakni toza uribdi.Eshakning oyog’ini ko’prik qisgan,o’zini yuk bosgan,buning ustiga kaltakning achchig’i. Eshak shunda bo’ynini yerga solib, boshini loyga qo’yib, ko’zidan yoshini oqizib yotib qolibdi. Shunda uch-to’rt yo’lovchi yetib kelibdi. Eshakning ahvolini ko’rib, ularning rahmi kelibdi. Bitta yo’lovchi:
— Hoy, noinsof! Eshakning ahvoliga qarasang-chi, uni urib nima qilasan? Ustidagi yukni ol, bo’lmasa o’lib qoladi,— debdi. Keyin yo’lovchilar kelib, biri yukning ustidagi arg’amchini qirqibdi, birisi tuzni ag’anatibdi, biri eshakni belidan ko’tarib, yana biri dumidan ushlab, ko’prikdan chiqarib olibdi. Shundan keyin xo’jayin tuzni ortib yana yo’lga tushibdi. Eshak bechora shuncha azob bilan qorni ochib, uyga zo’rg’a yetib boribdi. Borgandan keyin uydagilar: „Xo’jayin yomg’irda ivib kelibdi, ko’p azoblanibdi», deb uni qo`llab-qo’ltiqlab, issiq uyga olib kirib ketishibdi. Eshakni esa ochiq havoga bog’lab qo’yishibdi. Xo’jayin o’choqda oqqalov o’tda isinib, yog’li palovni yeb, maza qilibdi. Eshakka bo’lsa, boyagi-boyagi boyxo’janing tayog’i, deganday bir bog’ quruq poyani tashlashibdi. Eshakning juda xo’rligi kelib, endi shu kayfiyatda yuraverishga rozi bo’lgisi kelmabdi. Eshak endi nima qilsam bo’lar ekan, deb o’ylabdi. „Men shu xo’jayinning qo’lida tokay ezilaman, axir xo’jayinnikidan chiqib ketsam, ochdan o’lamanmi? Kel-e, shu yerdan boshimni olib ketayin!» debdi.
„Endi qayoqqa borsam bo’lar ekan?» deb o’ylabdi.
Eshak yoshligida onasidan: „Susambil degan mamlakat bor ekan. U joyda o’tning quyug’i, suvning tinig’i mo’l ekan. Unda birov bilan birovning ishi ham yo’q, azob-uqubat, g’am yo’q, ovqat mo’l, qorning doim to’yib yuradi», degan gapni eshitgan ekan. Onasi bechora ko’p orzu qilsa ham Susambilga borolmay, o’tib ketgan ekan. Eshak o’ylab o’ylab shu Susambilni topibdi. O’rnidan turib, chiranib tortib boshvog’ini uzib, osmonga qarab bir hangrab olibdi. Keyin xo’jayinning tashqi hovlisi bilan xayrlashib, yo’lga tushibdi.
Bir odamning qirqta tovug’i bor ekan, birkam qirqtasi makiyon, bittasi xo’roz ekan. Makiyonlar har kuni birkam qirqta tuxum qilib berar ekanlar. Biroq egasi juda xasis odam ekan. Tovuqlarga loaqal uch kunda bir marta ham don sochib qo’ymas ekan. Tovuqlar hovlida xashaklarni va go’nglarni titib, ovqat topib, shundan qorin to’yg’azar ekanlar.
Bir kuni tovuqlar qo’shnisining hovlisida donlab yurganda, qo’shnisining xotini uy obrezida oqishoq yuvib, qozonga solibdi. Obrezning chetiga besh-to’rtta oqishoq to’kilib qolibdi. Buni xo’roz ko’rgan ekan, sekin kirib, haligi donlarni yeya boshlabdi. Shunda qo’shnisining xotini ko’rib, „kisht-kisht, qirilgurlar, kisht» deb, otashkurakni otib yuboribdi. Otashkurak xo’rozga tegib, uni bir necha marta yumalatib yuboribdi.
Otashkurakning zarbidan xo’roz ko’p alam tortib, bir chekkaga borib toza yig’labdi. Shunda xo’rozning xo’rligi kelib: „Xo’jayin har kuni birkam qirqta tuxum olsa, loaqal bitta tuxumning puliga don olib sochmasa; uyining eshigi yoniga borsak, o’zi ham, xotini ham „kisht-kisht!» deb haydasa, boz ustiga qo’shnilaridan ham kaltak yesang! Menga nima azob! Kel, shu yerda yurgandan ko’ra dalalarga chiqib ketib, o’sha yerda o’zimcha tirikchilik qilsam nima bo’ladi?» debdi. O’rnidan turibdi va ,,quq-qu-qu» deb qichqiribdi. Keyin pir etib uchib devorga qo’nibdi, undan uchib ko’chaga tushibdi-yu, dalaga qarab ketaveribdi.
Xo’roz dala yo’lida borayotgan ekan, uch ko’cha kelib to’qnashibdi. Uch ko’chaning biridan boyagi eshak, ikkinchisidan xo’roz kelib chiqibdi. Xo’roz eshakka qarab:
— Assalomu alaykum, eshakvoy!— debdi.
Eshak:
— Vaalaykum assalom, xo’rozvoy,— debdi.
Xo’roz:
— Sizga yo’l bo’lsin?— deb eshakdan so’rabdi.
Eshak:
— Susambilga!— debdi.
Xo’roz:
— Susambil qanday joy?— debdi.
Eshak:
— Susambil o’tning quyug’i, suvning tinig’i, unda juda erkinlik, azobuqubat yo’q, maza qilib yurasan!— debdi.
Xo’roz:
— Men ham borsam bo’ladimi?— deb so’rabdi.
Eshak: — Mayli, bitta edim, sen bilan ikkita bo’lamiz, yuraver! — debdi. Ikkovi boshidan o’tganlarini bir-biriga gapirib ketaveribdi.
Endi boyagi ho’kizga kelaylik. Ho’kizning xo’jayini uni ho’kizlar bilan urishtirib yurar ekan. Ho’kiz juda urishqoq bo’lib, hamma joyda dong’i ketgan ekan. Bir kuni ho’kiz urishtirish bo’lib qolibdi. Shunda bu ho’kiz yetti-sakkizta ho’kizni qochiribdi. Endi bitta juda urishqoq ho’kiz qolibdi. Xo’jayin ho’kizini bu ho’kiz bilan ertasiga urishtirmoqchi bo’libdi. Ertasiga xo’jayin:
— Endi ho’kizni urishtirishga oboraman. Ho’kizimning shoxini yog’lab qo’yay! — deb molxonaga chiqsa, ho’kizning ikki ko’zi yumuq, hadeb uxlayapti.
Tushida katta bir yig’in emish. Yig’inda yana bir ho’kiz turgan emish. Ho’kizning xo’jayini yig’inga olib kirsa, haligi ho’kiz buni yig’indan quvib chiqarish uchun hamla qilib, yugurib qolibdi. Shunda buning achchig’i chiqib, kelayotgan ho’kizga daf javob qilib, uni bir suzibdi. Shunda ho’kiz shoxini yog’layotgan xo’jayinni suzib yuboribdi. Xo’jayinning yog’ kosasi bir tarafga, o’zi ikkinchi tarafga uchib tushibdi.
Xo’jayinning ko’ngli ketibdi, hushiga kelgandan so’ng:
— Hali meni suzadigan senmisan?!— deb, ho’kizni chunon uribdiki, qavarib chiqmagan joyi qolmabdi. Shunda ho’kiz yotib yig’labdi, xo’rligi kelibdi: „Men, xo’jayinga shuncha ishlarni qilib bersam, qancha ho’kizlar bilan urishib, ularni yengib, pul yutib bersam, xo ‘jayinim shugina hazilimni ko’tarmay meni o’larcha ursa, bu menga qanday xo’rlik?!» debdi va: „Kel-e, men tokay xo’rlik tortaman, shu xo’jayinnikidan ketsam nima bo’lar edi? Ketaman!»— deb, o’rnidan turibdi, bir chiranib boshvoqni uzib, yo’lga tushibdi, yurib-yurib bir joyga borsa, boyagi eshak ko’rinibdi. Shunda ho’kiz eshakni chaqirib, orqasidan yuguribdi. Bir vaqt eshakning qulog’iga bir tovush kelibdi. Orqasiga qarasa, uzoqdan bir ho’kiz uni to’xtovsiz chaqirib kelyapti.
Eshak to’xtab turibdi, ho’kiz yetib kelibdi. Qarasa, o’zining sherigi ekan. Eshak:
— Ha, ho’kizvoy, nima qilib yuribsan?— debdi.
Ho’kiz debdi:
— Sendan keyin xo’jayin meni ham toza azobladi. Men ham „bor-e» deb kelaverdim. Sen qayoqqa ketyapsan?
Eshak:
— Men Susambilga ketyapman,— debdi.
Ho’kiz:
— Susambil qanday joy?— debdi.
Eshak aytibdi:
— Susambil o’tning quyug’i, suvning tinig’i, unda juda erkinlik, azobuqubat yo’q, maza qilib yurasan!
Ho’kiz:
— Bo’lmasa men ham borsam bo’ladimi?— debdi.
Eshak:
— Kelganing yaxshi bo’libdi. Ikkita edik, uchta bo’ldik. Yuraver! — debdi. Eshak, ho’kiz, xo’roz uchovi boshidan o’tganlarini bir-biriga gapirishib, hasratlashib ketaverishibdi. Necha kun yo’l yurib, cho’l-u biyobonga yetishibdi.
Cho’lda hech kim yo’q ekan. Bir joyda ikkita kalamush turar ekan. Cho’lda oziq-ovqat kamligidan, ozgina ovqat topish uchun ko’p joylarga borib, ko’p yerlarni qazir ekanlar. Shunda qorin to’yar-to’ymas ozgina ovqat topilar ekan. Bora-bora cho’lda ovqat topilmay qolibdi. Bir kuni ikkala kalamush yeydigan ovqati yo’q, qorni ochiqib, endi nima qilamiz deb, uyasining og’ziga chiqib shumshayib o’tirishganda, uzoqdan haligi eshak, ho’kiz va xo’rozlar ko’rinishibdi.
Biri aytibdi:
— Shu ko’ringanlar yo’lovchi bo’ladi. Yur, shulardan ovqat tilaylik.
Zora rahmi kelib, biror narsa tashlab ketishsa, — debdi. Ikkalasi yoining ustiga chiqib turibdi. Ko’ringan hayvonlar ham yetib kelishibdi. Shunda kalamush ulardan ovqat tilabdi. Eshak turib:
— Ey, birodarlar, biz ham sizlarga o’xshash och qolganlardanmiz. Agar ovqat kerak bo’lsa, biz bilan birga yuraveringlar, — debdi. Kalamush eshakdan:
— Qayerga ketyapsizlar?— deb so’rabdi.
Eshak:
— Biz Susambilga ketyapmiz,— debdi.
— Susambil qanday joy?— deb so’rabdi kalamush.
— Susambilni aslo so’rama! Susambil o’tning quyug’i, suvning tinig’i, unda juda erkinlik, azob-uqubat yo’q, maza qilib yurasan! — debdi eshak.
— Bo`lmasa biz ham boraylik, — deyishibdi kalamushlar.
— Uchta edik, beshta bo’ldik, yuraveringlar,— debdi eshak.
Mana endi bular beshovi boshlaridan o’tgan sarguzashtlarini birbirlariga gapirishib, hasratlashib, Susambilga ketaveribdilar. O’sha cho’lda bir to’da ari bor ekan. Ular ham ovqat yo’qligidan och qolib nima qilarini bilmay, osmonda g’o’ng’illab uchib ketayotgan ekanlar, birdan haligi Susambilga ketayotgan besh jonivorga yo’liqibdilar. Arilar bularni ko’rib ,,uh, mana ovqatning konidan chiqdik, keragini olib qol!»— deb bularni chaqqani kirishibdi. Shunda eshak aytibdiki:
— Ey, ukalar, sizlar ham bizga o’xshab och qolib qiynalganga o’xshaysizlar. Bizning tanimizda shira qolgani yo’q. So’rganlaring bilan hech narsa chiqmaydi. Shiramizni xo’jayinlarimiz so’rib olgan. Agar ovqat kerak bo’lsa, biz bilan yuraveringlar! — debdi.
Shunda arilar bularning ahvolini ko’rib, bular ham bizga o’xshagan och qolganlardan ekan deb, qayoqqa ketishayotganini so’rabdi.
— Biz Susambilga ketyapmiz, — deyishibdi.
— Susambil qanday joy? — deb so’rabdi arilar.
— Susambil o’tning quyug’i, suvning tinig’i, unda juda erkinlik, azob-uqubat yo’q, maza qilib yurasiz,— deyishibdi.
— Bo’lmasa biz ham boraylik,— debdi arilar.
— Mayli, beshta edik, ko’p bo’ldik,— debdilar. Shunda bular hammasi „Susambil qaydasan?» deb, boshidan o’tganlarini gaplashib, hasratlashib ketaveribdilar. Yo’lda ketayotib: „Qachon Susambilga yetamiz?!» deb, yuraklari orziqib, goho-goho eshakdan „Yana bir gapirib bering. Susambil qanday joy o’zi?!» deb so’rashar ekan. Eshak ham Susambilni maqtab, ularning ko’nglini ko’tarar ekan. Bular:
— Susambilga borsak unday qilamiz, bunday qilamiz!— deb, o’zlaricha shirin-shirin xayollar qilib borishar ekan. Bular yo’l yuribdi, yo’l yursa ham mo’l yuribdi. Oxiri dimoqlariga Susambilning xushbo’y shabadasi kelibdi. Susambilga ham yetib kelishibdi. Susambil juda ham keng, bepoyon bir joy ekan. Havosi juda tiniq, narigi yoqda ulkan tog’ bo’lib, uning shabadasi doim g’irillab kelib turar ekan. Yerda ko’m-ko’k chaman ko’katlar, bedalar yashnab yotibdi. Bir yoqda bug’doy, arpalar; bir yoqda qovun-tarvuzlar pishib yotibdi, bir tarafda ketgancha bog’. Unda uzum, anjir, o’rik, shaftoli va turlituman mevalar pishib, taglariga to’kilib yotibdi. Ariqlar to’la, oppoq sutday suvlar sharqirab oqib yotibdi. Borganlarning bag’riga shamol tegibdi. Shunda bu bechoralar juda ham xursand bo’lib ketishibdi. Xursandlikdan ba’zilari yig’lab ham olishibdi. Ular ko’p och qolishgan ekan. Har qaysisi istagan ovqatini yeb, qornini to’yg’azib vaqtlarini xushlashib, so’ngra salqin bir joyga kelib dam olishibdi. Yo’l azobi, go’r azobi, deganday, yo’lda ko’p charchab kelishgan ekan, shu salqin joyda yotib uzoqqina uxlashibdi. Uyqudan turib qo’l-betlarini yuvib, yana xohlagan ovqatlarini yebdilar.Shu bilan bular Susambilga kelib ko’p rohatlanib qolishibdi.
Susambilning bir tomoni baland tog’ bo’lib, unda kiyik deysizmi, alqor deysizmi, ishqilib ko’p jonivorlar yashar ekan. Tog’ning bir joyida bir to’da bo’ri yashar ekan. Bir kuni bo’rilarning podshohi ularni to’plab, bazm qilib, ichkilik ichib, kabob qilib yeb o’tirgan ekan.
Shunda bo’rilarning podshohi uzoqdan haligi eshak bilan ho’kizni ko’rib qolibdi:
— Uh, bizga barra kabob topildi. Huv ana o’tlab yuribdi. Uch-to’rtta bo’lib borib shularni olib kelinglar, kabob qilib yeymiz,— debdi.
Bo’rilarning ichida bitta hovliqmasi bor ekan, u turib aytibdi:
— Shugina narsaga uch-to’rt kishining nima keragi bor! Bitta o’zim borib olib kelaman! — debdi.
Bo’rilarning ichida yana bitta gupsoldisi bor ekan. Haligi bo’rining gapini eshitib, shartta o’rnidan turib:
— Hoy, nima deyapsan o’zing? Men turganda sen qayoqqa borasan? O’tir joyingda! Men o’zim borib olib kelaman!
— debdi.
Bunga u bo’rining achchig’i kelibdi:
— Meni pisand qilmayapsan, sendan nima kamligim bor?! — deb, bir-ikki daf qilibdi. Shu yerda ikkovi mushtlashib ketibdi.
Shunda bo’rilarning podshohi turib:
— Hoy muttahamlar! Mushtlashma! Bor, ikkoving borib olib kel, — debdi. Shu bilan ikkovi chopqillashib ketishibdi.
Bular ketayotganlarida bizning susambilliklarimiz o’tlab yurishgan ekan. Bir vaqt ho’kiz yerdagi ko’katni yeb, og’zini to’ldirib, boshini ko’tarib, o’tni chaynab, tog’ tomonga qarab uzoqdan chopib kelayotgan ikkita bo’riga ko’zi tushibdi. Shunda ho’kizning yuragi shuvillab ketibdi. U qo’rqib og’zidagi o’tini yerga tashlab, sheriklarini chaqiribdi. Sheriklari ham bo’rilarni ko’rishibdi. „Endi nima qilamiz? Qochamizmi, turamizmi?» deb maslahatlashibdilar. Eshak:
— Qochsak, quvib yetib oladi, yaxshisi qochmaymiz,— debdi.
Ho’kiz aytibdi:
— Basharti oldimizga kelsa, nima qilamiz?
Shunda xo’roz:
— Men daraxtning tepasiga uchib chiqib ketaman, — debdi.
Kalamushlar:
— Biz yerni kovlab, kirib ketamiz,— debdilar.
Eshak:
— Men hangrab turaveraman,— debdi.
Arilar:
— Biz ro’para kelganini chaqib, hamma yog’ini shishirib tashlaymiz! — debdilar. Ho’kizga arilarning gapi juda ham yoqib tushibdi:
— Bo’lmasa, sizlar jon boricha chaqinglar. Qolganlarini menga qo’ya beringlar! — debdi. Bular maslahatni bir qilib turaverishibdi.
Bir zumda bo’rilar yetib kelibdilar. Bo’rining haligi gupsoldisi sherigiga:
— Huv anovini sen ko’tar! Mana buni men ko’taraman,— deb, ho’kizga qarab yuguribdi.
Shunda ho’kiz orqasiga qaytib turib, bo’riga qarab yugurib borib bir suzganda, bo’ri ,,dod» deb, yetti dumalab tushibdi. Buni ko’rib sherigi yugurib kelgan ekan, ho’kiz uni ham qattiq suzib tashlabdi. Kalamushlar bo’lsa, qo’rqqanlaridan yerni kovlab kirib ketishga urinibdi. Yer toshloq, qattiq ekan, ular yerni kovlab kirolmabdilar, bir zumda allaqancha yerni o’yib yuboribdilar.
Xo’roz bo’lsa daraxtga chiqib olib, hadeb ,,quq-qu-qu-qu» deb qichqira beribdi.
Arilar har ikkala bo’riga yopishib, chaqaverishibdi-chaqaverishibdi, bir zumda bo’rilarni do’mbira qilib shishirib tashlashibdi. Bo’rilar shunda ham qochmay jon holatda kelib, ho’kizga yopishishibdi. Ho’kiz ularni suza berib, a’zoyi badanini yara qilib tashlabdi. Eshak bo’lsa, nariroqda bor ovozi bilan hangrab, nari borib-beri kelib turaveribdi.
Bir vaqt bo’rilar olishib-olishib charchashibdi. Qarasa, ho’kiz bilan arilar o’ldirib qo’yadigan. Shunda haligi gupsoldi bo’ri qochgani turibdi, orqasidan unisi ergashibdi. Bular shu qochgancha podshohining oldiga yetib borishibdi. Bu bo’rilarning hamma yog’i yorilgan, qon oqqan, shishgan, ari chaqqan yuzlari shishib, ko’zlari ko’rinmaydigan bir ahvolda ekan. Podshohi va sheriklari bularning ahvolini ko’rib, rangi o’chib, qoni qochib, iyaklari qaltirab, ko’zlari yaltirab qolibdi.
Podshohi:
— Sizlarga nima bo’ldi? — deb so’rabdi.
— Ey taqsir, bular barra kabob emas, boshga kelgan bir balo ekan! — deyishibdi.
— Ha, nima bo’ldi? —desa, bo’rining biri:
— Bular bizningjonimizga qasd qilib kelgan ekan. Bularning ichida munkar-nakir ham birga kelgan ekan. Uning bir juft go’rkovi ham bor ekan. Munkar-nakir gurzisi bilan bir urganda, agar sher bo’lsa ham necha dumalab ketadi,— debdi.
Bo’rining yana biri:
— Ey, mahmadona! Sen tek tur! O’zim gapiraman. Bularning ichida azroili ham bor ekan. Jonni olish uchun nayzasini suqsa, a’zoyi badaning achishib, shishib ketar ekan, — debdi.
Endi bunisi:
— He, sen bilmaysan! Bular go’rkovi bilan kelgan ekan. Hali biz o’imay turib, har birimizga yettitadan go’r qazib qo’yishdi, — debdi.
Unisi aytibdi:
— Sen ko’rmabsan! Bular so’fisi bilan kelgan ekan. Hali biz o’imay turib, daraxtning tepasiga chiqib, hadeb, odamlarni janozaga chaqiryapti.
Unisi:
— Lekin bularning ichida bir kattasi bor ekan. Unisi eshoni bo’lsa kerak. Bizga yaqinlashmadi, lekin nariroqda turib ish o’rgatib bularga baqirib turdi. Agar unisi kelganda biz mutlaqo o’iar edik, — debdi. Bo’rilar bularning aft-angorini ko’rib, gaplarini eshitib, qo’rqib vasvasaga tushibdilar. Podshohi:
— Endi nima qilamiz?— debdi. Haligilar:
— Ey taqsir, agar baloga duchor bo’laylik, kunimiz bitibdi, o’laylik desangiz turaveramiz. Bo’lmasa qochamiz. Bular bizning orqamizdan quvsa, hali zamon yetib keladi,— debdi.
Buni eshitib bo’rilarning podshohi yana qo’rqibdi.
— Bo’lmasa turinglar, jo’naymiz,— debdi. Shunda hamma bo’rilar, bu joyga kelmay, har yoqda tirqirab yurganlarini ham topib kelib, Susambil tog’ini tashlab qochib, yetti tog’ning narigi yog’iga o’tib ketishibdi. Susambilliklar endi tamom erkinlikka chiqib, og’zi oshga tegib, sal kunda semirib ketibdilar. Ular goho xo’jayinlarinikida ko’rgan kunlari esga tushsa, o’kinib, bu yerdagi rohatlarni ko’rib sevinib, Susambilning ovini ovlab, dovini dovlab, maza qilib yurisha beribdi. Shu bilan murodmaqsadlariga yetishibdi.