O`tgan zamonda ikki qo’shni yashagan ekan. Biri boy-u, lekin befarzand, ikkinchisi esa bola-chaqasi ko’p-u, biroq nihoyatda kambag’al ekan. Bola-chaqasi ko’p kambag’al qo’shnining uyi kecha-yu kunduz shovqin-suron, to’polon, vag’ir-vug’ur bo’lib, boy qo’shnisinikiga hech tinchlik bermas ekan.
Bir kun boy qo’shnisiga chiqib:
— Tinchlik berasizlarmi, yo’qmi, yeyishga ovqatlaring yo’q, hamma yoqdan qarz bo’lib yotibsanlar-ku, kechasi-yu kunduzi uylaringda kulgi, shovqin-suron, bu nima degan gap! — deb do’q uribdi.
Shunda kambag’al javob qaytaribdi:
— Ey, qo’shni, bizning oltin olmalarimiz bor. Shularni dumalatib, o’ynab dimog’imizni chog’ qilamiz. Shuning uchun bizning uyimizdan kulgi arimaydi, — debdi.
Bu so’zni eshitgan boy qo’shni indamay o’z uyiga kirib xotiniga:
— Xotin, sandiqni och, oltinlarni ol, men ularni zargarga olib borib ikkita oltin olma yasatib kelay, so’ngra biz ham shod-xurram bo’lib yashaymiz, — debdi.
Xotini sandiqdan oltinlarni olib eriga beribdi. Boy ularni zargarga olib borib ikkita oltin olma yasatibdi. Olmalarni olib kelib uyida er-xotin rosa dumalatishibdi. Biroq har ikkisida hech qanday kulgu paydo bo’lmabdi.
Ular oltin olmalarni dumalata-dumalata charchab, endi qanday qilsak biz ham kulib, xursand bo’lar ekanmiz, deb o’ylashibdi. Nihoyat boy yana qo’shnisidan so’rabdi:
— Qo’shni, biz ham oltin olmalarni er-xotin juda ko’p dumalatib dumalatib hech qanday xursandchilikka ega bo`lolmadik. Buning siri nimada, aytib bering-chi? —debdi. Shunda qo’shnisi:
— Ey, boy ota, bizning oltin olmalarimiz, kulgimiz, baxtimiz mana shu bolalarimiz. Biz har kuni shular bilan quvonamiz, oilamiz, yayraymiz.
Natijada qiyinchiliklarimiz ham unutilib ketadi. Bular bizning bozorimiz, — degan ekan.